Yadro va nazariy fizika kafedrasi

Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universiteti fizika fakultetida “Yadro fizika” va “Nazariy fizika” kafedralari 2005-yilda birlashtirilib, “Yadro va nazariy fizika” kafedrasi tashkil etildi. Nazariy fizika kafedrasi tarkibiga 1996 yilda “Oliy matematika” kafedrasi qo'shildi. “Yadro fizikasi” kafedrasi 1994 yilda “Yuqori energiyali yadro va kosmik nurlar fizikasi” hamda “Quyi energiyali yadro fizikasi” kafedralarini birlashtirish natijada vujudga kelgan edi.

Yadro va nazariy fizika kafedrasiga 2005-2007 yillari akad. T.S. Yo'ldoshboev rahbarlik qilgan, 2007 yildan hozirgi vaqtgacha kafedrani prof.A.A. Abdumalikov boshqarib kelmoqda.

 Nazariy fizika kafedrasiga 1935-1941 yillari prof. A.YE.Levashov, 1941-1957 yillari akad. S.U. Umarov, 1957-1965 yillari prof. G.M. Avakyans, 1965-1967 yillari prof. A. Teshaboev, 1967-1972 yillari prof. R.X. Mallin, 1972-2005 yillari akad. M.M.Musaxanov mudirlik qilgan.

 Oliy matematika kafedrasiga 1965-1970 yillari dos. N.X.Teshaboeva (tashkilotchi), 1970-1996 yillari prof. Ya.X.Qo'chqorov mudirlik qilgan.

 Yuqori energiyali yadro va kosmik nurlar fizikasi kafedrasiga 1956-1988 yillari akad. S.A. Azimov (tashkilotchi), 1989-1992 yillari prof. A. Muxamedjanov, 1992-1994 yillari akad. R.B. Begjanov mudirlik qilgan.

Quyi energiyali yadro fizikasi kafedrasiga 1962-1966 yillari dos. G.I Gumanskiy, 1966-1968 yillari dos. V.S. Masagutov, 1972-1976 yillari dos.Abdulxay Abduvaxabovich Abdumalikov, 1968-1972, 1976-1994 yillari esa akad. A.A. Abdurazzaqov mudirlik qilgan.

Yadro fizikasi kafedrasiga 1994-2000 yillari akad. B.S.Yo'ldoshev, 2000-2003 yillari f.-m.f.d. K. Nasritdinov, 2005-2007 yillari akad. T.S. Yo'ldoshboev mudirlik qilganlar.

 Levashev Anatoliy Yevgenevich - fizika-matematika fanlari doktori, professor. 1935-1941 yillar nazariy fizika kafedrasiga mudirlik qilgan. Bu olim rahbarligida o'tgan asrning 30-40 yillarida nisbiylik nazariyasi muammolariga bag'ishlangan izlanishlar olib borildi. U nisbiylik nazariyasi va elementar zarrachalar fizikasi sohasida yirik mutaxassis bo'lib, bir qator ilmiy ishlari chop etilgan.


Kafedrada Nazariy fizika ixtisosligi bo'yicha aspirantura va doktorantura hamda Atom yadrosi va elementar zarrachalar fizikasi ixtisosligi bo'yicha aspirantura mavjud. Kafedraning o'quv-uslubiy jarayoniga 14 nafar professor-o'qituvchilar jalb qilinib, ulardan 1 akademik, 2 fan doktori-professor va 10 ta fan nomzodlari-dosentlar tashkil topgan. O'quv adabiyotlaridan talabalarning foydalanish darajasini oshirish maqsadida kafedra qoshida o'quv kutubxonasi tashkil qilingan, Internetga ulangan komp'yuterlar yordamida kerakli adabiyotlar va jurnallardan foydalanish mumkin. Kafedrada o'qitilayotgan barcha fanlarning namunaviy o'quv dasturlari O'zRFA tarmoq institutlarining olimlari bilan muhokama qilingan holda o'quv tizimiga joriy qilingan. O'quv jarayoniga O'zRFA tasarrufidagi tarmoq institutlarining olimlari, jumladan Yadro fizikasi instituti, Fizika-Quyosh IIChBning etakchi olimlari jalb qilingan. Kadrlar tayyorlash Milliy dasturida belgilangan fan va ta'lim tizimining integrasiyasini amalga oshirish maqsadida kafedra Fanlar Akademiyasi tizimidagi Yadro fizikasi instituti bilan uzviy hamkorlikni yo'lga qo'ygan. Institutning zamonamiy moddiy-texnika bazasidan unumli foydalanish, etakchi olimlar va tadqiqotchilarning ilmiy faoliyatini kadrlar tayyorlash jarayoniga jalb qilish maqsadida Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universiteti va O'zRFA Yadro fizikasi instituti orasida o'quv-ilmiy markaz tashkil qilingan. Shu bilan birga fizika sohasi bo'yicha kadrlar tayyorlashda Yadro va nazariy fizika kafedrasi va Dubna (Rossiya) shahrida joylashgan dunyodagi etakchi ilmiy markaz bo'lgan Birlashgan Yadro Tadqiqotlar Instituti bilan kadrlar tayyorlash sohasida shartnoma tuzilgan.

 Yadro va nazariy fizika kafedrasida olib boriladigan ilmiy izlanishlar yuqori saviyada tashkil etilgan bo'lib, fundamental va innovasion tadqiqotlarga jiddiy ahamiyat qaratilgan hamda bu borada katta yutuqlarga erishilgan. Nazariy fizika sohasida ilmiy izlanishlar yuqori va past energiyalar yadro fizikasiga (akad. M.M. Musaxanov), nurlanishning muhit bilan ta'sirlashuviga (prof. V.A. Pazdzerskiy), kondensirlangan muhitlarda nochiziqli to'lqinlar nazariyasiga (prof. A.A. Abdumalikov) bag'ishlangan. Shu bilan bir qatorda nazariy fizika sohasida yuqori malakali mutahassislarni tayyorlash borasida 1983 yildan boshlab Nazariy fizika bo'yicha doktorlik va nomzodlik ilmiy darajalari berish bo'yicha Ixtisoslashgan ilmiy kengash o'z faoliyatini davom ettirib kelmoqda. Yadro fizikasi sohasida ishlayotgan professor-o'qituvchilar nodir elementli yadrolarning asosiy va uyg'ongan holatlarining fizik xossalarini o'rganish ustida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishmoqda. Jumladan, gamma-o'tishlarning ichki konversiya elektronlari spektrlari orqali deformasiyalangan yadrolarda aylanma bandlarning elektromagnit doimiylari aniqlandi (dos. A. Karaxodjaev). Mikroskopik gamil'toniandan foydalangan holda ikkita murakkab yadrolarning o'zaro to'qnashish dinamikasini o'rganish natijasida og'ir ionlar uchun nochiziqli, nomarkoviy stoxastik Lanjeven tenglamalar sistemasining analitik echimlari topildi (dos. Z. Kanokov). Fotoyadro reaksiyalari ustida izlanishlar olib borildi va izomer holatlar chiqishlarini aniqlandi (dos. S. Polvonov).

 Fizika fakultetida kadrlar tayyorlash borasida Nazariy fizika yo'nalishi alohida o'ringa ega. Professor A.A. Abdumalikov boshchiligidagi ijodiy jamoa nazariy fizikaning umumiy fanlari bo'yicha yaratilayotgan “Nazariy fizika kursi” bo'yicha to'rt jildli darslikda ilmiy ishlarda erishilgan yutuqlar o'z aksi topmoqda. Atom va yadro fizikasidan yangi laboratoriya ishlari yaratildi va bayonnomalar tuzildi. Kafedra o'zining xizmat ko'rsatgan yuqori malakali suxandon, ma'ruzachi professor-o'qituvchilari bilan faxrlanadi.

 XIX asrning ohiri - XX asrning boshlarida fizika sohasidagi eksperimental texnikaning rivojlanishi oqibatida yirik o'zgarishlar ro'y berdi. Tabiatni o'rganishda shu vaqtgacha ma'lum bo'lgan klassik fizika bir qator tajribalarni tushuntirishga ojiz edi va bir nechta yangi fikrlarni, g'oyalarni kiritishga zaruriyat paydo bo'ldi.