"Xalqaro meteorologlar kuni” munosabati bilan davra suhbati o'tkazildi

Davra suhbatida professor Yu.V.Petrov, prof. A.K.Abdullaev, dots. X.T.Egamberdiev, dots. O.L.Babushkin, dots. B.M.Xolmatjanov, dots. G.X.Xolboev, dots. A.T.Mirzaev, o'q. Sh.S.Mavlyanova, o'q. F.A.Ishniyazova, ma'naviy va ma'rifiy ishlar bo'yicha dekan muovini G’. Eshonqulov va fakultet talabalari ishtirok etishdi.

Kafedra dotsenti B.M.Xolmatjanov so'zga chiqib bugungi kunda meteorologiya sohasining inson faoliyatida tutgan o'rni hamda kafedra professor-o'qituvchilar tomonidan  ushbu yo'nalishda olib borilayotgan ilmiy izlanishlar, qo'lga kiritilgan yutuqlar va natijalar haqida talabalarga batafsil gapirib o'tdi.

Dotsent X.T.Egamberdiev gidrometeorologiya xizmatining tarixi, Butunjahon Meteorologiya tashkiloti va Butunjahon ob-havo xizmatining tashkil topishi, bu xalqaro tashkilotlarning bajaradigan vazifalari haqida atroflicha so'zlab berdi. Xususan, birlamchi meteorologik ma'lumotlarning manbalari (meteorologik va aerologik stantsiyalardagi kuzatishlar, meteorologik radiolokatsiya stantsiyalaridagi kuzatishlar, Erning sun'iy meteorologik yo'ldoshlari orqali kuzatishlar), ularni tezkor uzatish, tegishli Gidrometeorologiya xizmati markazlarida ularni yig’ish va qayta ishlash hamda turli muddatli ob-havo prognozlarini tuzish  masalalari yoritib berildi. Hozirgi kunda jahonda 8000 dan ortiq meteorologik stantsiyalar muntazam ob-havo jarayonlarini kuzatib borayotganligi, 3 ta jahon va 24 ta hududiy meteorologik markazlar faoliyat ko'rsatayotganligi, ularda to'plangan meteorologik ma'lumotlar umumbashariy axborot ekanligi hamda meteorologik xizmat iqtisodiyot tarmoqlarining faoliyatida o'ta muhim o'rin egallashi aytib o'tildi.  

Professor A.K.Abdullaev so'zga chiqib, O'zbekistonda agrometeorologiya sohasining rivojlanishi, agrometeorologiya ilmiy maktabining namoyondalari hamda bu sohada erishilgan ilmiy yutuqlar haqida so'zlab berdi. Talabalarga O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati markazi (O'zgidromet) va uning qoshidagi Gidrometeorologiya ilmiy-tekshirish institutining olib borayotgan ishlari haqida ma'lumot berildi.

Dotsent O.L.Babushkin zoometeorologiya, xususan, O'zbekistonning cho'l yaylovlarida qorako'lchilik faoliyatiga meteorologik va iqlimiy sharoitlarning ta'siri haqida ma'ruza qildi. Ma'ruzada mayda chorva mollarini yaylovlarda boqish uchun qulay va noqulay bo'lgan meteorologik sharoitlar va ularni prognozlash masalalari yoritildi.

Dots. G.X.Xolboev so'zga chiqib, oziq-ovqat mustaqilligi va uni ta'minlashda meteorologiya xizmatining tutgan o'rni haqida (boshoqli ekinlar misolida) talabalarga so'zlab berdi.

Davra suhbati davomida talabalarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berildi.