Umumiy fizika kafedrasi

1969 yili tashkil etilgan “Fakultetlararo umumiy fizika”, 1976 yilda tashkil etilgan “Fizikani o'qitish uslubi va tarixi” va 1955 yili faoliyatini boshlagan “Atmosfera fizikasi” kafedralari 2005 yili birlashtirilib, “Umumiy fizika, fizikani o'qitish uslubi va atmosfera fizikasi” kafedrasi tashkil etildi.

Universitet tashkil etilgan kundan boshlab “Fizika” kafedrasi o'z faoliyatini boshlagan. Kafedra ishini rivojlantirishga taniqli olimlar N.N. Zlatovratskiy, A.YE.Levashev, N.V. Krimenevskiy, L.N. Dobresovlar katta hissa qo'shganlar.

1936 yil “Fizika” kafedrasi qoshida “Eksperimental fizika” kafedrasi tashkil etildi. 1936 yildan 1965 yillar orasida “Eksperimental fizika” kafedrasiga atoqli olimlar S.V. Starodubsev, J.N. Shuppe, S.U. Umarov, I.I. Islomov va I. Andreevlar rahbarlik qildi

 Dos. Karimov R. K. 1965-69 yillar davomida “Eksperimental fizika” kafedrasining faoliyatini boshqardi. U kafedra qoshidagi o'quv laboratoriya jihozlarini yangilashda, mavjud ishlarni takomillashtirishda va yangi laboratoriya ishlarini qo'yishda katta tashabbus ko'rsatdi.

 1969 yili “Eksperimental fizika” kafedrasi ikkiga bo'lindi: fizika fakulteti talabalari uchun “Eksperimental fizika” va tabiiy fakultet talabalari uchun “Fakultetlararo umumiy fizika” kafedrasiga bo'lindi.

 1969-1989 yillar davomida “Eksperimental fizika” kafedrasini dos. U. V. Azizov, 1989-1995 yillarda esa prof. I.Bo'riboev boshqardi.

 1969-91 yillar davomida “Fakultetlararo umumiy fizika” kafedrasini qattiq jismlar fizikasi va kimyosi sohasidagi atoqli olim prof. M.A. Ma'rupov boshqardi. Prof. M.A. Ma'rupovning universitetlarda va umuman oliy maktabda fizika fanini o'qitishni takomillashtirish borasidagi xizmatlari alohida diqqatga sazovor. 1991 yildan boshlab bu kafedraga professor U. Abduraxmanov mudirlik qilib kelmoqda. “Fizikani o'qitish uslubi va tarixi” kafedrasini 1976 – 2004 yillarda prof. E.N. Nazirov boshqardi. “Atmosfera fizikasi” kafedrasiga 1955 – 1974 yillarda prof. V.A.Djordjio, 1974–1975 yillarda prof. V.I. Gubin, 1976–1977 yillarda dos. X.E. Saidnazarov, 1977–1988 yillarda dos. N.N.Romanov, 1988–2002 yillarda dos. Yu.V. Petrov, 2003–2005 yillarda dos. X.T. Egamberdiev mudirlik qilganlar.

 


prof. M.A.Ma`rupov va katta ilmiy xodim O.X.Zaynutdinov ilmiy tadqiqot ishlari xonasida, 1991 yil.


Hozirgi kunda kafedrada "Tarkibida metallarning nanozarrachalari bo'lgan kompozit materiallarning oqish chegarasi atrofidagi elektrofizik xususiyatlarining mohiyati" mavzusida 2007-2011 yillarga mo'ljallangan fundamental tadqiqotlar bo'yicha Respublika granti mavjud. Bu grantga universitet rektori, prof. G'.I.Muxamedov ilmiy rahbarlik qilyapti.

Kafedra professor-o'qituvchilari kimyo, matematika, kompyuter texnikasi, biologiya, geologiya va tuproqshunoslik, falsafa fakultetlari talabalariga umumiy fizika fani bo'yicha ta'limni amalga oshiradi. Professor-o'qituvchilar ilmiy tadqiqot ishlari bilan bir qatorda fizika fanini o'qitish uslubini takomillashtirishga, ilmiy metodik ishlarni rivojlantirishga, yangi laboratoriya ishlarini yaratishga va ularni o'quv jarayonida qo'llashga, dars jarayonida texnik vositalardan foydalanishga katta e'tibor berib kelmoqda.

 Kafedraning umumiy metodik ishi talabalarning mustaqil ishlarini tashkil qilishga, bilimlarni uzluksiz tekshirish va ularni individual ishlashga mo'ljallangan o'quv metodik qo'llanmalar yaratishga qaratilgan. Shu turkumdagi ishlar 1990-2008 yillar orasida O'zMU nashriyoti orqali jami 80 bosma taboqdan iborat 17ta o'quv qo'llanma ko'rinishida chop etildi.

1999 yildan kafedrada“Kompozision va kukunli materiallar, qoplamalar” mutaxassisligi bo'yicha magistratura mavjud.

  


 

Kafedrada ilmiy tadqiqot ishlari bo'yicha olingan natijalar biologiya, kimyo, geologiya fakulteti talabalariga hamda materialshunoslik mutaxassisligidagi magistrantlarga ma'ruza va amaliy darslarga tadbiq qilib kelinmoqda. 2003-2005 yillarda mo'ljallangan "Yong'indan xabar beruvchi issiqlik sezgir bildiruvchi va uni qabul qiluvchi qurilmalarning tajriba namunalarini tayyorlash" mavzusi bo'yicha olingan grantning natijalari 2009 yili xalq xo'jaligining ma'lum tarmoqlariga tadbiq qilinishi rejalashtirilgan. Magistrantlarga kafedra va O'zRFA institutlarining etakchi olimlari rahbarlik qiladilar. 2001 yilda tamomlagan 4 magistrning 3 tasiga O'zRFA materialshunoslik institutining etakchi olimlari S.X. Suleymonov, T.P. Salixov va X. Sobirov; 2002 yilda tamomlagan 4 magistrning 3 tasiga O'zRFA materialshunoslik institutidan prof. T.P. Salixov, Issiqlik fizikasi bo'limidan prof. M.O. Qosimjonov hamda “Fonon” IChBning olimi I.R. Rustamov; 2003 yilda tamomlagan 2 ta magistrning 1 tasiga O'zRFA Yadro fizikasi institutining katta ilmiy xodimi M.Ya. Toshmetov; 2004 yilda tamomlagan 2 ta magistrning 1 tasiga O'zRFA Materialshunoslik institutining etakchi olimi X. Sobirov ilmiy rahbarlik qildilar.

 Kafedra olimlari Hindistonning Maysur shahridagi Markaziy plastmassalar texnikasi va texnologiyasi instituti bilan "Geterogen polimer kompozisiyalar asosida sezgir elementlarni yaratish, ularni biomedisina va elektrotexnika sohalariga tadbiq qilish" mavzusi bo'yicha o'zaro hamkorlikda 2000-2010 yillarga mo'ljallangan ilmiy tadqiqot ishlari olib borishyapti. Shunday o'zaro hamkorlik asosida Turkiyaning Istambul Texnika Universiteti olimlari bilan ham ilmiy - tadqiqot ishlari olib borilyapti. Kafedra dosenti Zoxidova M.A. 2002 yil fevral-aprel oyida Janubiy Koreya respublikasida o'z malakasini oshirdi. Kafedraning dosenti Sagatov M.A. "Emission Messbauer spektroskopiya orqali qattiq jismlarni atom va elektron strukturasini o'rganish" dasturida qatnashmoqda. Bu dastur S.Peterburg politexnika instituti olimlari bilan amalga oshirilgan.

 1969-2009 yillar davrida kafedrada faoliyat ko'rsatgan professor-o'qituvchilar: prof. Yu.A. Katulevkiy, prof. F.M.Talipov, prof. A.V. Umarov, prof. A.V. Xaydarov, dos. I.Sh. Gafurov, dos. X.M. Gafurov, dos. B. D. Yusupov, dos. T.N. Musaev, dos. A.R.Fayziev, dos. A.A. Uzaqov, dos. D.X. Azizova, dos. A.A.Mo'minov, dos. J.A. Qodirov, dos.Sh.X. Komilov, dos. R.X. Maxmudov, dos. Sh.Miraxmedov, dos. Sh.R. Xamidov, dos. Komilova R.Ya., katta o'qituvchilar: I.I. Jdanov, T.A. Islamova, D.S. Sagatova.

 O'zbekiston Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligining barcha o'quv yurtlari uchun fizik o'qituvchilar tayyorlash hamda oliy o'quv yurtlari o'qituvchilarining malakasini oshirish jarayonini takomillashtirish, oliy maktablarda fizikani o'qitish uslublari va fizika tarixi sohasida olib borilayotgan tadqiqotlarni muvofiqlashtirish hamda rivojlantirish maqsadida O'zMUning fizika fakultetida 1976 yil 1 noyabrda «Fizikani o'qitish uslubi va tarixi» kafedrasi tashkil qilindi va unga prof. E.N. Nazirov rahbarlik qildi. Kafedraning asosiy pedagogik jamoasi dosentlar: B.D. Yuldashev, E.G. Xasanov, M.S. Isamuhammedova, M. Qurbonov, S.S. Xudoyberdiev, A.A. Abdujamilov, O. Nigmonov, katta o'qituvchilar: Z.A. Xudaybergenova, N.X. Safiulina, I.F. Kamardin, A.U. Nazarovlardan iborat edi.

Kafedra jamoasi oliy o'quv yurtlarida fizika o'qitish samaradorligini oshirish muammolari yuzasidan ilmiy-uslubiy tadqiqot ishlari olib borgan. U ikki yo'nalishdan iborat edi:

a) «Oliy va o'rta maxsus o'quv yurtlarida fizikani nazariy va eksperimental o'qitishni takomillashtirish»;

b) «O'zbekistonda fizik tadqiqotlarning, fizik mutaxassislar tayyorlash tizimining shakllanishi va rivojlanishi tarixi».

Ushbu tadqiqotlar natijasida 4 ta nomzodlik dissertasiyalari himoya qilindi.