Fizikaviy elektronika kafedrasi

 

Fizikaviy elektronika kafedrasining shakllanishida buyuk olimlar A.N. Dobresov, S.V. Starodubsev, U.A. Arifov va G.N.Shuppelarning xizmatlari juda kattadir. Kafedra 1936 yilda tashkil etilgan bo'lib, u eksperimental fizika, elektronika, elektrofizika nomlari bilan yuritilgan. 1957 yildan esa Fizikaviy elektronika nomi bilan atalgan. Fizikaviy elektronika kafedrasiga 1957-1966 yillarda G.N. Shuppe, 1966-1972 va 1980-1991 yillarda prof. V.I. Veksler, 1972-1980 va 1991-1993 yillarda dos. A.A. Adilov, 1993-1995 yillarda akad.O'.X.Rasulev mudirlik qilgan. 1995 yildan boshlab kafedraga dos.N. Norqulov mudirlik qilmoqda.


Fizikaviy elektronika jamoasi


Kafedraning o'quv-uslubiy jarayoniga 7 nafar professor-o'qituvchilar jalb qilingan bo'lib, shulardan 2 nafari fan doktori–professorlar, 4 nafari fan nomzodlari-dosentlar va bir nafari katta o'qituvchidan iborat.

 Kafedrada 5A521708–“Fizikaviy elektronika” mutaxassisligi bo'yicha magistratura va 01.04.04-fizikaviy elektronika ixtisosligi bo'yicha aspirantura mavjud.

 Kafedrada o'qitiladigan barcha fanlarning namunaviy o'quv dasturlari O'zRFA Elektronika instituti va boshqa tashkilotlardagi buyurtmachi mutaxassislar bilan muhokama qilinib, ularning takliflari e'tiborga olingan holda barcha fanlardan ishchi o'quv dasturlari tayyorlanib, o'quv tizimiga joriy qilingan. Kafedrada o'qitiladigan fanlar bo'yicha laboratoriya ishlari etarli bo'lib, ular zarur jihozlar bilan ta'minlangan. Laboratoriya ishlari har yili takomillashtirib boriladi, hamda 2-3 ta yangi laboratoriya ishi qo'yiladi. Fanlarning barchasi o'quv adabiyotlari bilan ta'minlangan. Kafedrada kutubxona mavjud. Kafedraning barcha talabalari “Ustoz-shogird” tizimi asosida professor-o'qituvchilariga biriktirilgan.


Dos. I.Xamidjonov 1 kurs talabalari bilan laboratoriya mashg'ulotida


Kafedraning talabalari O'zRFA Elektronika institutiga qarashli zamonaviy laboratoriyalaridan to'liq foydalanadilar hamda bitiruv malakaviy ishi va magistrlik dissertasiyalarini malakali mutaxassislar rahbarligida bajaradilar.

 Kafedraning iqtidorli talabalari ilmiy grantlarga hamda xo'jalik shartnomalariga biriktirilgan. Kafedrada o'quv jarayonini ko'rgazmali qurollar, yangi pedagogik texnologiyalar yordamida olib borishga etibor beriladi. Respublika universitetlari va institutlariga o'quv adabiyotlari hamda laboratoriya qurilmalari bilan yordam ko'rsatildi. Akademik lisey va kasb-hunar kollejlari uchun fizika fanidan to'liq darslik majmuasi tayyorlandi, chop etildi va o'quv jarayoniga tadbiq etildi (prof. K.A. Tursunmetov, prof. I. Bo'riboev, dos. N.Nurmatov, dos. A. Uzoqov, dos. A.Xudoyberganov va boshqalar).

 1960-2000 yillar mobaynida N.A. Gorbaty va U.V. Azizovlar rahbarligida dos. L.V. Reshetnikova, dos. S.H. Po'latova, dos. A.Kashetov, dos. D. Azizova, dos. A. Xakimov, dos. R.Ya. Kamilova, dos. V. Yakubova, prof. K.A. Tursunmetov, prof. I.B. Bo'riboev, dos. S.T. Sobirov, dos. F.N. Rasulov, dos. Sh. Holiqov, ass. A.I.Ibragimov, dos. X.M. Sattorov, dos. R. Abdullaev va katta o'qituvchi Ya. Sagatovlar metallar va ular hosil qilgan qotishmalarning adsorbsion va emission parametrlari o'rganishi natijasida chiqish ishining qirra va sirt energiyasiga bog'liqligi aniqlandi. Avtoelektron mexanizm to'liq o'rganildi. Ishqoriy va nodir er elementlari monokristalari sirtida adsorbsiya va termik ionlanish jarayonlari to'liq tadqiq qilindi. Dos. Sh.A. Alimov rahbarligida dos. V.M. Tartakovskiy, dos. F. Abdulqosimov, dos.A.Maqsudov, A.YE. Chernov, dos. N.M. Krlov, dos. R. YEvtuxov qattiq jism sirtini bir vaqtning o'zida tadqiqot etadigan o'ta noyob yuqori vakuumli qurilma yaratdi va ishlab chiqarishga tadbiq etildi. Respublikamiz va xorijiy davlatlarga malakali mutaxassislarni tayyorlab berishda 1957-yilda kafedrada tashkil etilgan «Emission elektronika» ilmiy-tadqiqot laboratoriyasining roli katta bo'ldi. Natijada dunyoda tan olingan elektronika sohasi bo'yicha o'tkazilgan bir qator xalqaro ilmiy simpozium va ilmiy anjumanlar tashkilotchisi aynan Fizikaviy elektronika kafedrasi bo'ldi. Fizika fakulteti tarixida birinchi bo'lib Fizikaviy elektronika kafedrasi xorijiy aspirantlarni qabul qildi. V.I. Veksler rahbarligida M.Shams (Afg'oniston) va N.A. Gorbaty rahbarligida N. Mutavadj (Suriya) nomzodlik dissertasiyalarini himoya qildilar. Dunyoga mashhur olim Kolligan (Angliya) va S. Karimullo (Afg'oniston) kafedrada stajirovkada bo'ldilar.

 Mustaqillik yillarida ham kafedra professor-o'qituvchilari ulug' ustozlar ishini davom ettirmoqdalar. Kafedrada qiyin va oson eriydigan metallar hamda ular asosidagi qotishmalarning adsorbsion, emission, fotoemission xususiyatlarini hamda elektron strukturasini o'rganish mavzusida ilmiy tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Kafedraning ilmiy ishlar olib boradigan guruhlarida o'ta yuqori vakuumli noyob qurilmalar yaratilganki, bu qurilmalar yordamida fizikaviy elektronika sohasiga tegishli har qanday tadqiqot ishlarini olib borishga imkon yaratilgan.

 Kafedraning barcha professor-o'qituvchilari, aspirantlari, ilmiy hodimlari tadqiqot ishlari bilan shug'ullanadi. Bular prof. I.Bo'riboev, prof. K.A. Tursunmetov, dos. N.Norqulov, dos. N.Nurmatov, dos. G'.Raxmonov, dos. A.Xolov, dos. I.Xamidjonov, katta o'qituvchi Ya.Sagatov, dos. N.Tolipov, ilmiy xodim J.Ishmuradov va boshqalar. Kafedarada ikkita Davlat granti (prof. I. Bo'riboev, dos. N. Norqulov) va 2 tadan xo'jalik shartnomasi (prof. K.A.Tursunmetov, dos. N. Norqulov) asosida ham ilmiy tadqiqot ishlari olib borilmoqda.


Ilmiy anjumandan so'ng, kafedra jamoasi va mehmonlar


Prof. K.A.Tursunmetov rahbarligidagi ilmiy guruh tomonidan qotishmalar asosida effektiv emission va antiemission materiallar yaratilishining fizik asoslari va prinsiplari yaratildi. Kerkandali effektining qotishmaning yuza tarkibiga, strukturasiga, emission xossalariga ta'siri ko'rsatildi. K.A.Tursunmetov olingan natijalar asosida 3 ta mualliflik guvohnomasi va 2 ta O'zbekiston Respublikasi patenti oldi. Olib borilgan tadqiqotlar natijasida uzoq muddatga chidamli samarador sovuq va termokatodlar yaratildi. O'zbekiston va MDH zavodlarida tantal, volfram, molibden va boshqa monokristallar, jumladan lampa, katod va anodlar kafedra olimlari tavsiya etgan texnologiya bo'yicha ishlab chiqildi. Sh.A. Alimov rahbarligida ishlab chiqarilgan yangi texnologiya va qattiq jismlar sirti tahlil etiladigan zamonaviy noyob universal qurilma «optik va integrator» ishlab chiqarish korxonasi hamda Rossiyaning bir qancha ishlab chiqarish korxonalar va ilmiy tekshirish institutlarida foydalanilmoqda. Ilmiy ishlar samarasi tufayli prof. V.I. Veksler “O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan Fan arbobi” unvoniga sazovor bo'ldi. Kafedra 7 monografiya, 20 dan ortiq ixtiro, 2500 dan ortiq ilmiy maqola va tezislar, O'zbekiston Respublikasi va xorijiy davlatlarga 2000 tadan ortiq malakali mutaxassislar tayyorlab berdi. Kafedarada 11 ta doktorlik, 70 ga yaqin nomzodlik dissertasiyalari himoya qilingan.

 Mustaqillik sharofati bilan kafedra jamoasi xorijiy mamlakatlarning etakchi Oliy o'quv yurtlari va ilmiy tekshirish institutlari bilan hamkorlikda ilmiy tadqiqot ishlari, aspirant va doktorantlarni tayyorlash hamda professor-o'qituvchilarni malakasini oshirish va qayta tayyorlash bo'yicha hamkorlik shartnomalarini tuzish imkoniga ega bo'ldi.