Fakultet dekanlari

FAKULTET DEKANLARI

  

DJORDJIO VIKTOR ANTONOVICH 
Geografiya fanlari doktori, professor
Fizika fakultetining birinchi dekani (1959-1964 yillar)

Djordjo Viktor Antonovich 1907 yili Shaxta shahri (Rossiya) da tug'ilgan. 1930 yili Rostov Davlat universitetini tamomlagan. Ma'lumoti bo'yicha mutaxasisligi - Fizik. O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan fan va texnika arbobi (1960).

 1943 yili doktorlik dissertasiyasini himoya qilgan. 1944 yili professor unvoni berilgan. 1955 yildan to umrining oxirigacha (1974 y.) Atmosfera fizikasi kafedrasining mudiri vazifasida ishlagan.

 1959 yilda fizika-matematika fakulteti alohida fakultetlarga bo'lingandan so'ng V.A. Djordjio fizika fakultetining birinchi dekani bo'ldi. U V.A. Bugaev bilan birga jahonga tanilgan O'rta Osiyo sinoptiklar va meteorologlar maktabining yaratuvchisi bo'lgan.

 V.A.Djordjio Shimoliy Kavkaz meteorologiya byurosida (1933), O'rta Osiyo ob-havo byurosida prognoz bo'limining boshlig'i (1934), universitetda dosent, ilmiy ishlar bo'yicha prorektor, fizika fakultetining birinchi dekani (1959-1964), Atmosfera fizikasi kafedrasining mudiri lavozimlarida ishladi (1935-1974).

V.A. Djordjio O'zR FA Matematika va mexanika institutida nazariy geofizika bo'limi tashkilotchilaridan va ushbu institut direktori bo'lgan (1947-1953). «Toshkent sinoptika ilmiy maktabi»ning asoschilaridan biri.

 Asosiy asarlari O'rta Osiyoning sinoptika jarayonlari, havo massalari va frontlari, dinamik iqlimshunoslik, izentropik tahlil, aviasiya meteorologiyasi, tez havo oqimlari, sinoptik jarayonlarga statistiko-stoxastik tahlil usulini tadbiq etishga bag'ishlangan. V.A. Djordjio rahbarligida 30 ga yaqin fan nomzodlari va doktorlari dissertasiya himoya qildilar. U 200 dan ortiq ilmiy asar va maqolalar yozgan. Davlat mukofoti laureati (1948) va bir necha medallar bilan mukofotlangan.

  

SMIRNOV BORIS GRIGORYEVICH 
Fizika-matematika fanlar nomzodi, dosent
Fizika fakulteti dekani (1964-1967 yillar)

 Fizika-matematika fanlari nomzodi, dosent. B.G.Smirnov 1909 yilda tavallud topgan. 1933 yili O'rta Osiyo Davlat universiteti (hozirgi O'zMU) Fizika-matematika fakultetiga o'qishga kirib, 1938 yili shu fakultetni tamomladi. 1938-1941 yillari umumiy fizika assistenti. 1941-1945 yillari 2 chi jahon urushi qatnashchisi. 1945-1952 yillari umumiy fizika assistenti va katta o'qituvchi. 1952 yili “Qiyin eriydigan metallarning avtoelektron emissiyasi” mavzusida nomzodlik dissertasiyasini himoya qilgan. 1952-1954 yillari dosent vazifasini bajaruvchi. 1954-1975 yillari Umumiy fizika va Fizikaviy elektronika kafedralari dosenti. Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi. Ko'plab orden va medallar sohibi. 

1961-1967 yillar davomida fizika fakultetining o'quv va ilmiy jarayonlari rivojalanishiga katta hissa qo'shgan. O'ta kamtarin, mehnatkash inson. 1950-1970 yillari fakultetda Fizikaviy elektronika sohasini rivojlanishiga katta hissa qo'shgan. Qiyin eriydigan metallar asosida tayyorlangan emiterlarning elektro-fizik xususiyatlariga temperatura va maydonning ta'sir etishini elektron mikroskopiya usulida o'rgangan. G.N.Shuppe, V.I.Vekslerlar bilan birgalikda ikkilamchi elektron, ion emissiya uslubi rivojlanishiga hissa qo'shgan. Bir nechta ixtirolar, 200 ga yaqin ilmiy maqola va tezislar chop etgan. 2 ta fan nomzodi tayyorlagan.

  

MALLIN RAXMATULLA XALMURADOVICH 
Fizika-matematika fanlar nomzodi, professor
Fizika fakulteti dekani (1967-1972 yillar)

Mallin Raxmatulla Xalmuradovich - fizika-matematika fanlari nomzodi, professor, salohiyatli murabbiy 1967-1972 yillarda fizika fakulteti dekani lavozimida faoliyat ko'rsatgan. Uning ilmiy izlanishlar sohasi–nazariy fizika, fizikani o'qitish uslubiyatiga bag'ishlangan. O'zbek tilida birinchilar qatorida nazariy fizika kurslaridan ma'ruzular o'qigan va amaliy mashg'ulotlarni olib borgan.

 U serqirra faoliyati tufayli nazariy fizika kurslari milliy tilda olib borilishiga asos soldi, milliy kadrlarni tayyorlashga, tarbiyalashga va o'stirishga katta etibor berdi. R.X.Mallin yaratgan darsliklar va o'quv qo'llanmalar hanuzgacha mutaxassislar va talabalar e'tiboridan qolmagan.

 R.X.Mallin o'z bilim doirasining kengligi, kuchli erudisiyasi bilan ko'pchilik olimlardan ajralib turadi. 1967 yildan to 1972 yilga qadar universitetda, ham dekanlik, ham Nazariy fizika kafedra mudiri lavozimlarida ishlab, kadrlash tayyorlash (ayniqsa, mahalliy kadrlar), ularni oyoqqa turg'azish va fakultet hayotini sog'-lomlashtirish yulida tinimsiz ishladi. Fakultet professor-o'qituvchilarning o'rtacha yoshi kamaydi, o'quv-tarbiyaviy ishlar jonlantirildi va ish sifati yaxshilandi. Respublika ma'muriyati R.X.Mallinning mamlakatimizda fizika fani rivojiga qo'shgan katta xissasini hamda ta'lim va tarbiya sohasidagi xizmatlarini inobatga olib 1965 yilda uni “O'zbekistonda hizmat ko'rsatgan fan arbobi” degan yuksak unvon bilan taqdirladi. R.X.Mallin dekanlik lavozimida faoliyat ko'rsatish davomida fakultet jamoasida, barcha fiziklar orasida Vatanga muhabbat, o'z kasbiga fidoyilik, yuqori darajali insoniylik va kamtarinlik kabi hislatlarni shakllantirishda ibrat bo'lib keldi.

  

ABDURAZZAQOV ABDUJABBOR 
O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasini akademigi,
Fizika-matematika fanlar doktori, professor
Fizika fakulteti dekani (1972-1980 yy)

Abdurazzaqov Abdujabbor O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademigi (1984), fizika-matematika fanlari doktori (1972), professor (1973). O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan fan arbobi (1990). Beruniy nomidagi O'zbekiston Davlat mukofoti laureati (1978).


 A.Abdurazzaqov 1932 yil 20 mayda Bekobod shahrida tavallud topgan. O'rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi O'zMU) fizika fakultetini 1956 yilda tugatgan. 1956 yilda O'z FA fizika-texnika institutida ish faoliyatini boshlagan. 1968-1994 yillarda Radiasion fizika kafedrasi mudiri, 1972-1980 yillarda fizika fakulteti dekani, 1980-1988 yillarda ToshDU qoshidagi tabiiy fanlar malakasini oshirish fakulteti dekani.

 Abdurazzaqov A. ilmiy faoliyati yadro spektroskopiyasiga bag'ishlangan bo'lib, bu sohada katta yutuklarga erishdi. 1967 yilda Rossiyaning Birlashgan yadro tadqiqot institutining mukofoti sovrindori bo'lgan. A.Abdurazakov tashabbusi va rahbarligida beta-spektrograflar kompleksi yaratildi va 100 dan ortiq yadrolar xossalari o'rganilgan, 15 ta yangi izotoplar ochilgan. Birinchi bo'lib 17 ta yadroning emirilish sxemalari taklif etilgan. A.Abdurazzokovning 300 dan ortiq ilmiy maqolalari 10dan ziyod darslik, monografiya va o'quv qo'llanmalari chop etilgan.

 Uning rahbarligi davrida fakultetda kafedralarning optimal joylashishi, normativ hujjatlarning yuritilishi, ilmiy kengash qarorlarining amalga oshirilishi, fakultetning stendlar va ko'rgazmali materiallar bilan ta'minlanishi, katta o'quv auditoriyalarida namoyish tajribalarini o'tkazish yo'lga qo'yildi.

  

ADILOV ADHAM AGZAMOVICH 
Fizika-matematika fanlar nomzodi, dosent
Fizika fakulteti dekani (1980-1991 yillar)

 Fizika-matematika fanlari nomzodi, dosent. Adilov Adham Agzamovich 1935 yil Toshkent shahrida tug'ilgan. 1952 yili O'ODU (hozirgi O'zMU) Fizika-matematika fakultetiga o'qishga kirib, 1957 yili Fizikaviy elektronika mutaxassisligini tugatgan. 1957-1961 yillari Umumiy fizika kafedrasi assistenti. 1961-1964 yillari Fizikaviy elektronika mutaxassisligi bo'yicha aspirant. 1964-1967 yillari “Emission elektronika” muammolar laboratoriyasi muxandisi va 1967-1969 yillari kichik ilmiy xodim. 1969-1970 yilari Fizikaviy elektronika kafedrasi assistenti.

 1970-1973 yillari kafedra katta o'qituvchisi. 1974 yili “Ishqoriy ionlar ta'sirida W va Mo monokristalli sirtida katod changlanishidagi ion tashkil etuvchilarni mass-spektroskopik usulda tekshirish” mavzusida nomzodlik dissertasiyasini yoqladi. 1973 yildan kafedra dosenti. 1972-1980 yillari va 1991-1993 yillari Fizikaviy elektronika kafedrasi mudiri. 1980-1991 yillari fizika fakulteti dekani. Xizmatlari uchun bir necha medalllar va nishonlar sohibi. 1980-1991 yillar fizika fakulteti dekani lavozimida ishlab, fakultetda o'quv jarayoni va ilmiy ishlar uchun zamonaviy kompyuterlar va qurilmalar xarid qilish va ularni qo'llashga katta e'tibor bergan. Ko'plab yoshlarni ilmiy ishlarini o'z vaqtida himoyasi qilishiga imkon yaratilgan.

 Fakulttetni universitetda ilg'or fakultetlar safiga olib chiqishga erishgan. O'zMU qoshidagi amaliy ilmiy tadqiqot institutining qurilishida va uning ishga tushirilishida faol ishtirok etgan. Fizikaviy elektronika kafedrasiga mudirlik qilgan. Ilmiy izlanishlar natijasida 6 ta ixtirolar muallifi bo'lgan, 10 dan ortiq o'quv-uslubiy qo'llanma va lug'atlar, 100 dan ortiq ilmiy-uslubiy maqola hamda tezislar chop ettirgan.

  

MUQIMOV KOMIL MUKIMOVICH 
O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademigi, Fizika-matematika fanlar doktori, professor
Fizika fakulteti dekani (1991-1992 yy)

Muqimov K.M. 1973-1975 yillarda Optika kafedrasi mudiri vazifasini bajaruvchi va 1975-1992 yillarda esa shu kafedraning mudiri lavozimida faoliyat ko'rsatdi. U 1992 yilda kafedra qoshidagi elektro-lyuminessensiya (keyinroq magnitooptika, hozir esa universitet qoshidagi Amaliy fizika institutining optika laborato-riyasi) ilmiy-tekshirish laboratoriyasi mudiri etib tayinlandi.

 Muqimov K.M. 1990-92 yillarda universitetning fizika fakultetini boshqardi. 1992 yil aprel oyida Buxoro davlat universiteti rektori etib tayinlandi. 1977 yildan boshlab kafedrada va magnitooptika laboratoriyasida magnit materiallarda magnitooptika hodisasini o'rganishga kirishildi. Muqimov K.M. 1988 yilda “Feromagnit dielektriklarda magnitooptik hodisalar” mavzusida doktorlik dissertasiyasini yoqladi. Bu yo'nalishda yaratilgan ilmiy maktabning shakllanishida U.V. Valiev, B.Yu.Sokolov, Sh.M.Sharipovlarning roli katta bo'ldi.Ushbu sohada bajarilgan ishlar K.M.Muqimov va B.Yu.Sokolovlarning “Shaffoq nodir er dielektriklar magnitooptikasi” nomli monografiyasida o'z aksini topdi. Keyinchalik, U.V.Valiev va B.Yu.Sokolovlar bu ilmiy yo'nalishda doktorlik dissertasiyalarini yoqladilar. K.M.Muqimov tomonidan 200 ta ilmiy va o'quv metodik maqolalar chop etilgan bo'lib,shundan 110 tasi chet el ilmiy jurnallarida e'lon qilingan.

 K.M.Muqimov 1990-92 yillarda fakultet dekani sifatida faoliyat ko'rsatdi. Fakultet binosi to'liq ta'mirlandi. O'quv rejalari va o'quv dasturlari qayta ko'rib chiqildi. Mustaqillikning dastlabki yillarida talabalar, professor-o'qituvchilar va xodimlarining ma'naviy saviyasini yuksaltirishga qaratilgan tadbirlar va mustaqillik darslari uzluksiz ravishda o'tkazilib borildi.

K.M.Muqimov rahbarligida 15 ta fan nomzodi tayyorlandi va uning 3 ta shogirdi doktorlik dissertasiyasini yoqladi.

  

ZAYNABIDINOV SIRAJIDIN ZAYNABIDINOVICH 
Fizika-matematika fanlar doktori, professor
Fizika fakulteti dekani (1992-1996 yillar)

S.Z. Zaynabidinov 1945 yil Andijon viloyatida tug'ilgan. 1963-1971 yillar ToshDU (hozirda O'zMU) fizika fakultetida talaba, 1971-1979 yillar kafedra katta laboranti, assistenti, ilmiy xodim, 1979-1981 yillar Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi boshqarmasining bosh nazoratchisi, 1981-1996 yillar O'zMU Yarimo'tkazgichlar va dielektriklar fizikasi kafedrasining mudiri, 1992-96 yillar fizika fakultetining dekani lavozimida ishladi. S.Z. Zaynabidinov 1987 yili doktorlik dissertasiyasini himoya qilgan. Ilmiy va tashkiliy faoliyati davomida o'zining «Kremniyga tashqi ta'sirlar fizikasi» ilmiy maktabini yaratdi. Uning rahbarligida 4 ta fan doktori, 15 ta fan nomzodi etishib chiqdi. S.Z. Zaynobidinov 1995-2008 yillar O'zbekiston Fizika jamiyatiga raislik qildi, 1996-2006 yillar Andijon Davlat universitetining rektori sifatida faoliyat yuritdi. AQSh Nyu-York Fanlar Akademiyasi va Kaliforniya xalqaro ta'lim, fan, texnika va san'at Akademiyasining haqiqiy a'zosidir, Angliya jahon biografik markazining faxriy a'zosi, “Yarimo'tkazgichlar fizikasi sohasidagi buyuk yutuqlari uchun” faxriy diplomi va kumush medali sovrindori (London), Xalqaro oliy ta'lim Fanlar Akademiyasining haqiqiy a'zosi, O'zbekiston Respublikasining “Oliy ta'lim”, “O'rta maxsus kasb-ta'lim a'lochisi” unvonlariga ega. Abu Rayhon Beruniy nomidagi Davlat mukofoti laureati (1992 y.).


 O'zR FA Andijon-Namangan ilmiy markazi rahbari, “O'zbekiston fizika jurnali”, “Fan va turmush” va “Kompozision materiallar” jurnallari tahririy hay'atining a'zosi, Oliy va o'rta maxsus ta'lim va Xalq ta'limi vazirliklarining fizika bo'yicha ilmiy-uslubiy kengashlari rahbarlaridan biri, O'zR FA “Qattiq jismlar fizikasi” va Rossiya FA “Kondensirlangan muhitlar fizikasi” muammoviy kengashlari a'zosi. Hozirda prof. S.Z. Zaynabidinov Andijon Davlat universitetining Qattiq jismlar fizikasi kafedrasi mudiri. 30 ga yaqin monografiya, o'quv qo'llanmalar, 300 dan ortiq ilmiy, ilmiy-uslubiy va publisistik maqolalar, ma'ruzalar tezislari muallifi.

  

MIRZAYEV A'ZAM TURAPOVICH 
Fizika-matematika fanlar doktori, professor
Fizika fakulteti dekani (1996-1997 yillar)

Mirzaev A'zam Turapovich 1943 yilda Toshkent shahrida tug'ilgan. 1965 yilda Toshkent davlat universitetini tamomlagan. Ma'lumoti bo'yicha mutaxassisligi – fizik-radiofizik.


 1968-1971 yillari Kiev davlat universitetida maqsadli aspiranturada tahsil olgan. 1972 yilda nomzodlik, 1987 yilda doktorlik dissertasiyasini himoya qilgan. 1980 yildan to umrining oxirigacha (2002y.) O'zbekiston Milliy universiteti fizika fakulteti Kvant radiofizika kafedrasining mudiri vazifasida ishlagan.

 Olimdan 180 dan ziyod ilmiy ishlar meros qoldi, shulardan Moskvada uning hammuallifdagi chop etilgan “Kogerentnost izlucheniya lazerov” va ”Molekulyarne lazer s poperechnm vsokochastotnm vozbujdeniem” mavzularidagi monografiyalar kata ahamiyatga ega. Uning rahbarligida 12 ta fan nomzodi va 2 ta fan doktori tayyorlangan.

 Professor A.T.Mirzaevning fizika fanidagi yirik, dolzarb yo'nalishlarni oldindan ko'rish va his eta olishdek hislatlari hamda tashkilotchiligi ilmiy maktab mavqeini yuksak darajaga ko'tardi. U o'z ilmiy maktabiga doimo fizika fakultetini bitirgan qobiliyatli, ilmga chanqoq yoshlarni jalb qilib keldi.

A.T.Mirzaev 1972-1985 yillarda foton-korrelyasion qurilmalarini yaratish va ularni amaliyotga tadbiq qilish ishlariga rahbarlik qildi. Natijada prof. A.T.Mirzaev va uning shogirdlari erishgan ilmiy natijalar harbiy mudofaa va lazer fizikasi sohasiga muvaffaqiyatli tadbiq etildi. A. T. Mirzaev boshchiligida «O'ta kichik silkinish – siljishlarni qayd etuvchi lazerli tizim» (deformograf) ishlab chiqilib, Yer silkinishlarini qayd etish va kuzatish maqsadida Chotqol tog' tizmalarida radiofizik poligoni tashkil etildi. Ushbu dolzarb muammo echimi yo'lida ilmiy maktab bir necha yillar davomida Respublika Fan va Texnika Markazi grantlari asosida fundamental ilmiy-tadqiqiy va amaliy ishlarni bajarib kelmoqda.

  

RAHMATOV AZAMXON SAYFIYEVICH 
Fizika-matematika fanlar nomzodi, dosent
Fizika fakulteti dekani (1997-2004 yillar)

Rahmatov Azamxon Sayfievich- fizika-matematika fanlari nomzodi, dosent, 1997-2004 yillarda fizika fakulteti dekani lavozimida ishlagan. Uning ilmiy izlanishlar sohasi – muhitlarda nochiziqli to'lqinlarning nazariyasi, solitonlar dinamikasi. Uning rahbarlik davri mamlakatimizda oliy ta'lim islohatlarini “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi” asosida qizg'in amalga oshiralayotgan davrga to'g'ri keldi va fizika fakultetida qo'yidagi ishlar amalga oshirildi:


 1.Fizika fakultetida o'quv jarayoni oliy ta'limning besh yillik tizimdan ikki bosqichli (4 yillik bakalavriyat va 2 yillik magistratura) tizimga o'tdi. Fizika sohasi bo'yicha o'zbek tilida davlat standartlari,namunaviy dasturlar va normativ hujjatlar yaratildi.”Fizika” va “Astronomiya” yo'nalishlaridan tashqari “Radiopreparatlar va yadroviy texnologiyalari” hamda “Lazerli texnika va texnologiyalari” bo'yicha yangi yo'nalishlar va bir qator magistratura mutahassisliklari ochildi, zamon talabiga ko'ra kafedralar yiriklashtirildi.

 2.Ilmiy izlanishlarda zamonaviy pedagogik va informasion texnologiyalarni o'quv jarayoniga jalb qilish borasidagi xalqaro hamkorliklar, grantlar, loyihalar keng ko'lamda amalga oshirildi. Ilg'or informasion texnologiyalarni ta'lim jarayoniga joriy etishga va keng foydalanishga A. Rahmatov alohida ahamiyat berdi. 2001 yilda Universitetda birinchi bo'lib fizika fakultetida Internetga ulangan 52 kompyuterga mo'ljallangan Ochiq o'quv-informasion markazi ochildi.

 3.O'zR FA tizimidagi fizika mutaxassisligi bo'yicha barcha institutlar bilan uzviy hamkorlikni takomillashtirishiga A.S. Rahmatov salmoqli hissa qo'shdi. Fizika fakulteti Yadro fizikasi, Polimerlar kimyosi va fizikasi institutlari bilan birgalikda ilmiy-tadqiqotlar olib borish yuzasidan shartnomalar tuzilgan.

  

MAMATKARIMOV ODILJON OXUNDADAYEVICH
 Fizika -matematika fanlar doktori, professor
Fizika fakulteti dekani (2004-2009 yillar)

1963 yili Namangan viloyati, Uychi tumanida tavallud topgan. 1989 yilda Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universitetining Fizika fakul'tetini Yarimo'tkazgichlar va dielektriklar fizikasi mutaxassisligi bo'yicha tamomlagan.

 1989 yildan bugungi kungacha aspirant, assistent, katta o'qituvchi, dosent, professor lavozimlarida faoliyat ko'rsatib kelgan. 1994 – 1999 yillari O'zbekiston Milliy universitetining Yoshlar tashkiloti rahbari va 1999-2004 yillari 1-prorektori muovini va prorektor lavozimlarida ishlagan. 2004-2009 yillarda fizika fakulteti dekani. 2009 yildan Namangan muxandislik iqtisodiyot instituti rektori. 1993 yilda nomzodlik dissertasiyasini, 2003 yilda fan doktori dissertasiyasini himoya qilgan.

 Mustaqil mamlakatimizning fizika fanida ustuvor yo'nalishlaridan bo'lgan Yarimo'tkazgichlar fizikasi sohasi bo'yicha, yarimo'tkazgichlarning elektrofizikaviy xususiyatlari va ularda tashqi bosimlar (har taraflama gidrostatik, bir o'qlama va lokal) ta'siri va sodir bo'ladigan jarayonlarni tadqiq qilish bo'yicha fanimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo'shib kelmoqda.

O.O.Mamatkarimovning 100 dan ortiq ilmiy ishlari xorijiy va Respublikamizning jurnallarida hamda ilmiy anjumanlarning to'plamlarida nashr ettirilgan. 1ta avtorlik va 2ta patent guvohnomasini olgan. Beshta o'quv va o'quv uslubiy qo'llanmalar chop ettirgan.

 O.O.Mamatkarimov fakultet dekani sifatida fakultet o'quv jarayoniga yangi pedagogik texnologiyalarni joriy etish, kafedralarning va o'quv laboratoriyalarning moddiy-texnik bazasini kuchaytirish, iqtidorli talabalarni qo'llab-quvvatlash, ilmiy tadqiqot ishlarini yanada kuchaytirish xamda chet mamlakatlarning nufuzli ilmiy tekshirish markazlari bilan hamkorlikni yo'lga qo'yish borasida bir qator e'tiborga loyiq ishlarni amalga oshirgan. Uning tashabbusi bilan fakultet kutubxonasi bugungi kun talabidan kelib chiqib jihozlandi va 80 o'rinli o'quv zali, jurnallarning “Ochiq fondi” tashkil etildi.

  

ESHCHANOV BAXODIR XUDAYBERGANOVICH 
Fizika -matematika fanlar nomzodi, dosent
Fizika fakulteti dekani (2009-2014 yillar)

1971 yili Xorazm viloyati, Shovot tumanida tavallud topgan. 1993 yilda Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universitetining Fizika fakul'tetini Optika mutaxassisligi bo'yicha tamomlagan. 1993 yildan bugungi kungacha ilmiy tadqiqotchi, aspirant, fakultet xisoblash makazi mudiri, katta o'qituvchi, dosent, lavozimlarida faoliyat ko'rsatib kelmoqda. 2004 – 2009 yillari universitetning marketing xizmati bo'limi boshlig'i, 2009 yilning iyulidan fizika fakulteti dekani. 2001 yilda nomzodlik dissertasiyasini dissertasiyasini himoya qilgan.

 Ilmiy faoliyati fizika fanining ustivor yo'nalishlaridan biri bo'lgan kondensirlangan muhitlardagi relaksasion jarayonlar, yumshoq moddalarning kritik temperatura yaqinidagi fazoviy o'tishlarga bag'ishlangan bo'lib, olingan ilmiy natijalar ushbu sohada ishlaydigan olimlar tomonidan e'tirof etilgan.

B.X. Eshchanov 40 dan ortiq ilmiy ishlari O'zbekiston Respublikasi va xorijiy mamlakatlarning ilmiy jurnallarida chop etilgan. Bir qator respublika va xorijiy ilmiy anjumanlarda ma'ruzalar bilan qatnashgan.

 B.X. Eshchanov fakultet dekani lavozimi davomida o'quv jarayonini takomillashtirish, yangi pedagogik texnologiyalarni joriy qilish, ilmiy tadqiqot ishlarini samaradorligini yanada oshirish, ilmiy ish natijalarini o'quv jarayoniga tadbiq qilish, iqtidorli talabalarni qo'llab-quvvatlash bo'yicha keng ko'lamli ishlar olib bormoqda. Ayniqsa, universitet rahbariyati tomonidan qo'llab-quvvatlangan fizika fanining xususiyatini e'tiborga olib namoyish tajribalarini o'tkazishni samaradorligini oshirish, namoyish tajribalarida ishlatiladigan asbob-uskunularni saqlash va ulardan unumli foydalanishni yo'lga qo'yish maqsadida bir qator ta'mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.