Astronomiya va atmosfera fizikasi kafedrasi


 Markaziy Osiyoda yagona «Astronomiya» ta'lim yo'nalishi fizika fakultetida 1981 yili ochilib, bunda o'quv jarayonini tashkil etish hamda kafedra tashkil etish mas'uliyati O'zR FA vise-prezidenti, akademik S.X. Sirojiddinovning taklifi bilan o'sha vaqtda Astronomiya institutining katta ilmiy xodimi S.N.Nuritdinovga yuklatiladi. Dastlabki yillardanoq o'quv jarayoniga Sankt-Peterburg (S-P.DU) va Moskva davlat universitet (MDU) larida qo'llanilayotgan “Astronomiya – astrofizika” o'quv rejasi joriy qilina boshlandi. Talabalarga O'zRFA Astronomiya instituti, MDU va S- P.DU etuk professor-o'qituvchilari va ilmiy xodimlari soatbay asosida ma'ruzalar o'qiy boshlashdi. O'qituvchilar shtati asta oshib borib, Astronomiya kafedrasi 1987 yili rasmiy tashkil qilindi.


Kafedra yig'ilishi. Kafedra mudiri, prof. S.N.Nuritdinov, chapdan o'ngga: prof. M.M.Zokirov, dos. A.T.Mirzaev, dos. K.T.Mirtadjieva, dos. R.F.Ziyaxanov, dos. I.U.Tadjiboev, kafedra kotibasi O. Abdullaeva.


Prof. S.N. Nuritdinov Astronomiya kafedrasini barpo etish bo'yicha o'ziga topshirilgan vazifa mas'uliyati va mohiyatini boshidanoq teran anglagan holda o'z atrofiga yosh izdoshlarni to'plagan, shu maqsadda fizika fakultetining bir qator iqtidorli talabalarini Rossiya universitetlarining astronomiya bo'limlariga o'qishga yuborgan. Masalan, o'sha yillari A.Yo. Ashurov, M. Qurbonov va F.T. Shamsievlar Sankt-Peterburg davlat universitetida tahsil olib kafedraga qaytdilar.

Kafedrada astronomiya yo'nalishi doirasida bakalaviaturadan tashqari aspirantura va 2 ta mutaxassislik (“Astrofizika, radioastronomiya”, “Quyosh tizimi fizikasi va geliofizika”) bo'yicha magistratura mavjud.

 Astronomiya kafedrasi shu kunga qadar 400 dan ortiq yuqori malakali kadrlarni tayyorlab chiqardi. Ular O'zR FA Astronomiya instituti va uning filiallarida, O'zR FAning qator boshqa ilmiy tekshirish institutlarida, MDH va xorijiy davlatlarning ilmiy tadqiqot institutlari hamda universitetlarida ishlamoqdalar. Xususan, fan nomzodlari I.I. Kirbijekova Rossiyaning Sibiridagi Ilmiy Markazda, A. Vohidov Germaniyaning Drezden universitetida, V. Ignatova Moskva Davlat universitetining Shternberg nomli Astronomiya institutida, I. Hamitov Turkiya baland-tog' astrofizik observatoriyasida, R. Egamberdieva Fransiyaning Parij universitetida, O. Burseva AQSh Milliy Quyosh observatoriyasida, T. Sadibekova Belgiya Milliy Universitetida, S. Melnikov Germaniyaning Tautenburg Astrofizik Institutida, A. Ashurov Boyqo'ng'ir kosmodromidagi Ilmiy markazda va S. Artyumenko Qrim Astrofizik observatoriyasida o'z ilmiy faoliyatlarini olib bormoqdalar. Bundan tashqari, 1991 yildan boshlab Respublikamizda “O'zbekkosmos” agentligi va uning tarmoqlari ochilishi munosabati bilan ayrim talabalar ushbu agentlikka ham ishga yuborila boshlandi.

 Kafedrada ishlagan professor-o'qituvchilar qatoriga dosentlar V.L. Radionov, A.S. Raxmatov, M. Qurbonov, F.T. Shamsiev, G'.Saidov, M.M. Mamadazimov, O.S. Tursunov, I.I. Kirbijekova, A.Yo. Ashurov, E.R. Gaynullina, Z.Ya. To'raqulov, kat.o'q. M. Eshonqulova, prof. M.M.Zokirovlarni kiritish mumkin. Hozirgi kunda prof. S.N.Nuritdinov, dosentlar K.T. Mirtadjieva, A.T. Mirzaev, R.F.Ziyaxanov, I.U. Tadjibaev, A.S. Xodjaev, T.A. Axunovlar kafedrada faoliyat ko'rsatmoqdalar.

 Kafedra ochilgandan boshlab uning ilmiy yo'nalishlari zamonaviy astrofizikaning muammolaridan bo'lgan galaktikalar va uning noyob ob'ektlari fizikasiga oid nazariy masalalar bilan bog'liq bo'lgan. Yillar o'tishi bilan kafedraning ilmiy yo'nalishlari kuzatuv astrofizikasi tomon ham ancha kengaydi. Yangi ilmiy yo'nalishlar sifatida nisbiylik nazariyasi effektiga taalluqli gravitasion linzalarni kuzatish va manba sifatida kvazarlar tabiatini tadqiq qilish hamda zich qo'shaloq yulduzlarni o'rganish, qo'shaloq va karrali tarqoq yulduz to'dalarini kashf qilish, galaktikalarni o'rab turuvchi millionlab yulduzlardan iborat sharsimon to'dalar sistemalarini tadqiq qilish kabi o'ta zamonaviy va dolzarb muammolar bo'yicha izlanishlar olib borilmoqda.

 Astronomiya kafedrasi talabalar uchun ko'plab o'quv-uslubiy ishlarni nashr ettirgan, jumladan, S.N. Nuritdinov “Somon yo'li fizikasi”, A.T. Mirzaev, R.F. Ziyaxonov “Astrofizikada qo'llanuvchi fotoelektron ko'paytuvchilarni o'rganish bo'yicha metodik ko'rsatmalar”, S.N. Nuritdinov “Ulug'bek rasadxonasining bugungi muammolari”, S.N. Nuritdinov “Galaktika tuzilishi va fizikasi asoslari”, S.N. Nuritdinov, A.YE. Ashurov, A.T. Mirzaev “Astrofizikadan amaliy ishlar”, S.N. Nuritdinov “Galaktikalar fizikasi asoslari”, M.M. Zokirov “Yulduzlar fizikasi”, E.R. Gaynullina “Fizika tel solnechnoy sistem”, R.F. Ziyaxanov “Astrometriya asoslari va kosmik dasturlar”, S.N. Nuritdinov, E.R. Gaynullina “Obaya astronomiya: zadachi i uprajneniya”, E.R. Gaynullina, K.T. Mirtadjieva “Nebesnaya mexanika” nomli o'quv qo'llanmalar shular jumlasiga kiradi. Bundan tashqari, S.N.Nuritdinov tomonidan “Rannyaya stadiya evolyusii galaktik: nelineyne modeli i neustoychivosti” nomli monografiya xam chop ettirilgan.

 Kafedra jamoasi bugungi kunda ko'plab chet el universitetlari bilan hamkorlik qilmoqda. Jumladan, Germaniyaning Potsdam astrofizika instituti va Xeydelberg universiteti, AQShning Nyu-Jersi universiteti, Belgrad astronomiya observatoriyasi, Ukrainaning Xarkov universiteti va Radioastronomiya instituti, Rossiyaning Moskva va Sankt-Peterburg Davlat universitetlari bilan hamkorlikda o'quv jarayoni va ilmiy tadqiqot ishlarini olib bormoqdalar. Jumladan, Ukrainaning Xarkov universiteti prof. V.N. Dudinov va Moskva davlat universiteti Astronomiya institutining laboratoriya mudiri B.P. Artamonov talabalarga “Gravitasion linzalar va kvazarlar fizikasi” fanidan ma'ruzalar olib borishlari bilan bir qatorda Maydanak baland tog' astronomik observatoriyasida kafedra professor-o'qituvchilari bilan birgalikda kuzatuv ishlarini ham olib boradilar.

 Bundan tashqari, kafedraning Respublika Fanlar Akademiyasining Astronomiya instituti bilan hamkorligi ham samarali natijalar bermoqda. Institut olimlari kafedra talabalariga ma'ruza o'qishlari bilan birga ilmiy seminarlar va amaliy mashg'ulotlar o'tkazishda ham faol qatnashib kelishmoqda. Talabalar yozgi amaliyotni Astronomiya instituti laboratoriyalarida va Maydanak baland tog' astronomik observatoriyasida amalga oshiradilar. Institut qaramog'idagi ushbu observatoriyada kafedra professor–o'qituvchilari va aspirantlari chet el olimlari bilan hamkorlikda astrofizikaning dolzarb muammolari doirasida ilmiy kuzatuv ishlarini ham olib boradilar.


O'ngdan chapga: etakchi ilmiy xodim O.A.Burxonov, prof. A.A.Minakov (Ukraina Radioastronomiya instituti), ilmiy xodim A.V.Sergeev (Xarkov Davlat Universiteti), prof. F.Kourbin (Lozanna astrofizika instituti) va O'zFA AI xodimlari Maydanak baland tog' astronomik observatoriyasida


1996 yili Astronomiya institutida prof. S.N.Nuritdinov boshchiligida «Galaktik astronomiya va kosmogoniya» nomli yangi bo'limning barpo etilishi esa kafedra ilmiy yo'nalishi rivojlanishida yaxshi bir omil bo'lib xizmat ko'rsatib kelmoqda. Bo'lim xodimlari tomonidan institutning Maydanak baland tog' astronomik observatoriyasida bizdan juda olisda va endi shakllanayotgan «chaqaloq» galaktikalarning markaziy qismi hisoblanmish kvazarlarni kuzatish ishlarining yo'lga qo'yilishi kafedra ilmiy yo'nalishi o'z oldiga qo'ygan muammolarning hal qilinishida yangi bir tarmoq rolini o'ynayapti. Hozirgi paytda 100 ga yaqin bunday noyob ob'ektlar ochilgan. Bu ob'ektlar manba-kvazar va linzalovchi galaktikalardan iborat sistemani, aniqrog'i gravitasion linzalangan sistemalarni tashkil etadi. Maydanakda bunday kuzatuvlar Moskva davlat universiteti va Ukrainaning Xarkov universiteti olimlari bilan hamkorlikda yo'lga qo'yilgan.